“Tartibsiz reklamalarga barham: qonuniylik va estetik muhit sari qadam” Tashqi reklama o‘rnatishda amaldagi qonunchilik talablariga rioya etilishi lozim.
Ayni damda tuman hokimligi ishchi guruhi tomonidan D-065 Samarqand-Juma avtomobil yo‘li hamda Kamolot, Balxiyon mahallalari hududida tashqi reklama vositalarini o‘rganish ishlari olib borilib, jami 40 dan ortiq betartib qo‘yilgan reklama vositalari bartaraf etildi.
O‘rganish davomida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi va “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni mazmun-mohiyati tushuntirilib, mazkur Qonunlar talablariga mos kelmagan hamda tartibsiz, noqonuniy o‘rnatib olingan, ma’nan eskirgan tashqi reklama vositalari bartaraf etilmoqda.
Tadbirkorlardan qonun talablariga rioya etishlari so‘raladi, zero tashqi reklama – shahar qiyofasi va ma’naviy muhit ko‘zgusi ekanligini unutmaylik.
Ma’lumot o‘rnida: Tashqi reklama vositalari tadbirkorlik obyektlarining fasad qismiga belgilangan hajmdan oshmagan holatda (oshxonalar uchun 2 kv.m., boshqa tadbirkorlik subyektlari uchun 1 kv.m) davlat tilida hamda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lishi talab etiladi.
Noqonuniy reklama o‘rnatish qonunbuzarlik hisoblanib, buning uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 70 baravarigacha jarima belgilangan.




