TADBIRKORLAR FAOLIYATI DOIMIY DIQQAT MARKAZIDA
Tuman hokimi Sh.Rahmonov tegishli o‘rinbosar hamrohligida tumanda amalga oshirilayotgan yangi tadbirkorlik loyihalari bo‘yicha olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishish barobarida, tadbirkorlik subyektlari va korxonalarda bo‘lib, ularning faoliyati, ish jarayoni, yaratilgan sharoitlari hamda muammo, kamchiliklarini o‘rgandi.
Jumladan, Eski Juma mahallasidagi "DIAMED-1 CLINIC" MCHJga qarashli tez tibbiy davolash hamda diagnostika markaziga tashrif buyurib, yaratilgan qulayliklar, davo muolajalari va turlari, tibbiy xodimlar ish faoliyatini ko‘zdan kechirdi.
Maʼlumot uchun, ushbu markaz ko‘p tarmoqli hisoblanib, bu yerda lor, ginekologiya, nevrologiya, xirurgiya, stomatologiya, fizioterapiya, rentgen hamda multi spiralli kompyuter tomografiyasi kabi 10 dan ortiq tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi.
80 o‘ringa mo‘ljallangan tibbiy markazda 50 nafardan ortiq fuqarolarning bandligi taʼminlangan bo‘lib, o‘tgan 2024-yil davomida tibbiy markaz tomonidan 40 ming nafarga yaqin bemorlarga ambulator, 4500 kishiga esa statsionar davolash xizmatlari ko‘rsatildi.
Keyingi manzil Amir Temur nomli mahallada joylashgan "Baladinov Zara Stroy" MCHJ tomonidan barpo etilayotgan qiymati 3 million dollarlik zamonaviy savdo kompleksi bo‘ldi.
Tashrif davomida loyiha doirasida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari, uning sifati, shaharsozlik tamoyillari va boshqa meʼyorlarga rioya qilinayotganligi o‘rganilib, bu borada zarur tavsiya, ko‘rsatmalar berildi.
Maʼlumot o‘rnida, ushbu kompleksda 86 ta savdo do‘konlari joylashtiriladi va loyiha ishga tushishi natijasida 100 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Bu kabi o‘rganishlar tuman bo‘ylab navbati bilan boshqa tadbirkorlik subyektlari va korxonalarda ham olib boriladi.