SIFATLI ELEKTR ENERGIYASI - IQTISODIYOT TAYANCHI
“Qorag‘uppa”, “Gulobod”, “Zangiboyi” hamda “Baxshiboyi” mahallalardagi aholi soni oshishi va tadbirkorlik subyektlarining ko‘payishi natijasida elektr energiyasi isteʼmoli oshib bormoqda.
Shu sabab, “Temir yo‘l” nimstansiyasidagi quvvati 2500 kVA bo‘lgan transformatorni, har birining quvvati 6000 kVA bo‘lgan 2 dona transformatorga almashtirish rejalashtirilgan.
Tuman hokimi Sh.Rahmonov tegishli o‘rinbosar va tuman Elektr tarmoqlari korxonasi rahbari hamrohligida mazkur nimstansiyani ko‘zdan kechirib, uning faoliyatini kuchaytirish, quvvatini oshirish orqali elektr energiyasi sifatini yana-da yaxshilash borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan muhokama o‘tkazdi.
Maʼlumot uchun, ushbu nimstansiyaning quvvati oshishi natijasida, u orqali elektr energiyasi bilan taʼminlangan 3 ming 400 ta aholi xonadonlari, 310 ta tadbirkorlik subyektlari, 2 ta KZS sifatli elektr energiyasi bilan taʼminlanadi hamda yiliga qo‘shimcha 22,0 mlrd so‘mlik sanoat hajmlari yaratiladi.
Shundan so‘ng, tuman hokimi Qorag‘uppa mahallasida "Mehr mebel" MCHJ tomonidan tashkil etilayotgan mebelchilikka ixtisoslashtirilgan KSZga tashrif buyurib, tadbirkorning muammo va takliflari, kelgusi rejalari bo‘yicha suhbat o‘tkazdi.
Bunda, suv taʼminoti va chiqindi suv yo‘llari kabi masalalarga ham joyida yechim topildi.
Taʼkidlash joizki, mazkur loyiha ishga tushishi natijasida, 200 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi va 100 dan ortiq xonadonlarda “Mebelchilik kooperatsiyasi” amalga oshirilishi maqsad qilingan.