PASTDARG‘OMDA QO‘MONDONLIK-SHTAB O‘QUV MASHQLARI
Pastdarg‘om tumanida o‘tkazilayotgan qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari davom etmoqda.
Jumladan, "Yangi O‘zbekistonʼʼ maydonida zilzila natijasida ko‘rilgan talofatlarni bartaraf etish va aholiga tezkor yordam ko‘rsatish maqsadida 50 dan ortiq texnika va barcha kuch vositalari bir manzilga jamlanib, saf ko‘rigi bo‘lib o‘tdi va texikalarning shayligi ko‘zdan kechirildi.
So‘ng, zilzila bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda aholini xavfsiz hududga ko‘chirish maqsadida, Furqat MFYdan 500 nafardan ortiq fuqarolar yig‘ish-ko‘chirish punktlariga to‘planib, Olmazor MFYda maxsus tashkil etilgan obyektlarga ko‘chirish va ular uchun xavfsiz hayot faoliyatini taʼminlash tadbirlari o‘tkazildi.
U yerda tashkil etilgan dala chodirlarida tuman tibbiyot birlashmasi qoshidagi birinchi tibbiy yordam otryadini yoyish va ko‘p sonli jabrlanganlarni qabul qilish bo‘yicha bosqichma-bosqich amaliy harakatlar amalga oshirilib, ko‘p sonli shikastlangan va jabrlangan fuqarolarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, turli yuqumli kasalliklar tarqalishini oldini olish va davolash amaliyotlarini amaliy tarzda bajarishdi.
Shundan so‘ng, Nayman MFY hududida qurilayotgan ko‘p qavatli binoda qutqaruv mashqlari o‘tkazilib, shartli talofat ko‘rgan binodan jabrlangan fuqarolarni qidirib topish, xavfsiz hududga ko‘chirish va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish harakatlari bajarildi.
Bundan tashqari, tumanimizdagi AYOQSHlaridan birida maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazilib, shoxobcha hududida yong‘in bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarda ishchi-xizmatchilarining tayyorgarligi tekshirildi hamda yong‘in va uning oqibatlarini bartaraf etishdagi harakatlari sinovdan o‘tkazildi.
Bu kabi tadbirlar tumanimiz bo‘ylab 30-aprel kuniga qadar davom etadi.