PASTDARG‘OMDA "KITOBXONLIK HAFTALIGI" DOIRASIDA TADBIRLAR
Yurtimiz bo‘ylab joriy yilning 21-27-aprel kunlari “O‘zbekiston – kitobxonlar yurti” shiori ostidagi beshinchi Respublika “Kitobxonlik haftaligi" o‘tkazilishi belgilangan.
Pastdarg‘om tumanida mazkur haftalik doirasida belgilangan tartibda turli tadbirlar, loyihalar va aksiyalar o‘tkazib borilmoqda.
Jumladan, bugun tuman Madaniyat bo‘limi binosida Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan nashr etilgan “Samarqand viloyati joy nomlarining izohli lug‘ati” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tuman hokimligi masʼullari, tuman Axborot-kutubxonasi xodimlari va taʼlim dargohlarida faoliyat olib boruvchi kutubxonachilar ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbirda kitob o‘qishning hayotimizdagi o‘rni, ijobiy taʼsirlari va foydalari xususida so‘z yuritildi.
Shuningdek, taniqli adiblar va shoirlar hayot yo‘liga hamda kitobxonlikka oid sahna ko‘rinishlari tomoshabinlar eʼtiboriga havola etildi.