O‘ZARO TAJRIBA ALMASHISH – ISH SAMARADORLIGINI TAʼMINLAYDI
Ish samaradorligini oshirishda o‘zaro tajriba almashish, takliflarni inobatga olish muhim o‘rin tutadi.
Zero, fikr-mulohazalar asosida kirishilgan har qanday yumush ancha salmoqli bo‘ladi. Tomonlar o‘rtasida o‘rnatilgan hamkorlik esa har ikki tomon uchun ham foydadan holi emas. Bu orqali yangi g‘oyalar, ishlanmalar, innovatsiyalar vujudga keladi.
Narpay tumanida faoliyat olib borayotgan bir qator deputatlar, faol nuroniylar va masʼullar Pastdarg‘om tumanida mehmon bo‘lishdi.
Tashrifdan ko‘zlangan maqsad, tumanimizda olib borilayotgan obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari bilan tanishish bo‘lib, bunda o‘zaro tajriba almashish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, ular Davlatimiz mustaqiligining 33 yillik bayramiga bag’ishlab Pastdarg’om tumanida foydalanishga topshirilgan 14 ta ijtimoiy-iqtisodiy obyektlar ochilishida ishtirok etishdi.
Tuman hokimi bir qator nuroniylar va faollar hamrohligida Narpaylik mehmonlarni tumanda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirib, kelgusidagi rejalari bilan o‘rtoqlashdi.
Jumladan, Samarqand shahridan Pastdarg‘om tumaniga kirib kelaverishda o‘rnatilgan ko‘rkam va zamonaviy "Pastdarg‘omim iftixorim" deb yozilgan yozuv ko‘rsatilib, u haqidagi fikrlar bilan qiziqildi.
Shundan so‘ng, Darg‘om kanali atrofining asosiy qismida aholiga qulaylik yaratish maqsadida barpo etilishi kutilayotgan ko‘ngilochar markazlar, dam olishga qulay bo‘lgan obyektlar, yengil konstruksiyali inshootlar, piyodalar yo‘lakchasi, veloyo‘lak, tungi yoritgichlar o‘rnatilgan "Sohil bo‘yi" xiyoboni qurilajak hudud tumanimiz va Narpaylik faollarga tanishtirildi.
Shu qatorda, ularning bu boradagi fikr va asosli takliflari tinglanib, bamaslahat qilingan ish tarqamasligi taʼkidlandi.