NON VA NON MAHSULOTLARI ISHLAB CHIQARISH USKUNALARI MAHALLIYLASHTIRILADI
Xalqimiz nonni aziz deb biladi. Biz o‘zbeklarning dasturxonimizda hamisha ushbu neʼmatga joy topiladi va bu to‘yimli mahsulotga bo‘lgan talab doim yuqori bo‘lib kelgan.
Shu bois, non mahsulotlarini ishlab chiqarish yurtimiz iqtisodiyotida alohida ahamiyatga ega sohalardan biri sanaladi.
Aynan shu sababdan bu turdagi ishlab chiqarish korxonalari sonini ko‘paytirish, mavjudlarini esa, takomillashtirib, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash va bu orqali ishlab chiqarish hajmini oshirishga eʼtibor qaratish muhim albatta.
Ayni paytda, Mashhad shahrida rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Pastdarg‘om delegatsiyasining navbatdagi manzili aynan non mahsulotlarini pishirishga mo‘ljallangan zamonaviy uskunalar ishlab chiqaruvchi "Mashhad Baking Industriyes" korxonasi bo‘ldi.
Maʼlumot uchun, ushbu korxona nafaqat non, balki, qandolatchilik, baliq hamda parranda mahsulotlarini pishiradigan uskunalar ham ishlab chiqaradi va ularni AQSH, Rossiya kabi yana 47 ta davlatga eksport qiladi.
Tashrif davomida tuman hokimi Sh.Rahmonov boshchiligidagi delegatsiya mazkur korxona faoliyati bilan tanishish barobarida, o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha muzokaralar ham olib borishdi.
Unga ko‘ra, Pastdarg‘omning "Juma Elevatori" AJ va xorijiy hamkor "Mashhad Baking Industriyes" o‘rtasida non va qandolatchilik mahsulotlarini pishirish uskunalarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlar tuzilib, memorandumlar imzolandi.
Mazkur mahalliylashtirish loyihasi doirasida 120 xil turdagi uskunalarni ishlab chiqarish va Markaziy Osiyo, Rossiya hamda boshqa qo‘shni davlatlarga eksport qilish maqsad qilingan.