NAVBATDAGI QABUL BOG‘ONALI MFYDA
Pastdarg‘om tumanida aholi turmush tarzini yana-da yaxshilash va fuqarolar murojaatlari bilan ishlash maqsadida muntazam ravishda mahallalar bo‘ylab sayyor qabullar o‘tkazib kelinmoqda.
Bu galgi sayyor qabul Bog‘onali mahallasi fuqarolari va yosh avlod vakillari uchun bo‘lib o‘tdi.
Tuman hokimi Sh.Rahmonov Xalq qabulxonasi tuman bo‘limi boshlig‘i, korxona-tashkilotlar rahbarlari, mahalla masʼullari, nuroniylar, xalq faollari va ko‘chaboshilar ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda mahalla infratuzilmasini yaxshilash, obodonlashtirish, ko‘chatlar o‘tqazish, aholi tomorqasidan unumli foydalanish kabi bir qator muhim masalalar ilgari surildi.
Shuningdek, yoshlar taʼlim-tarbiyasiga eʼtiborni kuchaytirish, oliy taʼlimga qamrovni oshirish, jinoyatchilikni oldini olish, mahalla hududida xavfsiz muhitni shakllantirish, ijtimoiy muhtoj oilalar bilan ishlash va tadbirkorlikka yo‘naltirish, soliq va kommunal to‘lovlar hamda hasharlar tashkil qilish, ko‘chalar va qabristonlarni obod qilish borasida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar xususida kelishib olindi.
Fuqarolar va yoshlar tomonidan qilingan elektr tarmog‘i ustunlari, MIB, tibbiyot, ichimlik suvi kabi 30 ga yaqin murojaatlarga ham alohida eʼtibor qaratilib, tegishli masʼullarga yo‘naltirildi.