#Munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda Pastdarg‘om tumani Yangiobod mahallasidagi ko‘chalarda yog‘ingarchilik oqibatida suv to‘planib qolgani tasvirlangan video tarqalgan.
Mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida tuman Obodonlashtirish boshqarmasi masʼullaridan maʼlumot oldik. Unga ko‘ra:
Mazkur videoda ko‘rsatilgan ko‘cha Yangiobod mahallasidagi Yangiqishloq nomli qishloqning ichki ko‘chalaridan biri bo‘lib, unda suv to‘planishiga sabab ko‘cha chetidan suv yo‘llari qazilmagan. Ko‘chaga to‘plangan suv hech qayerga chiqmagani bois, ushbu holat yuzaga kelgan.
Tuman Obodonlashtirish boshqarmasi masʼullari tomonidan ushbu ko‘chada istiqomat qiluvchi fuqarolarga suv to‘planishining sabablari joyiga borib tushuntirilib, ariqlar qazilgandan so‘ng shag‘allashtirish maqsadga muvofiqligi aytilgan.
Shunga qaramasdan mazkur ko‘chadagi xonadonlar egalari shag‘allashtirish kerakligini taʼkidlagan. Shundan so‘ng, ichki yo‘llarni taʼmirlash va shag‘allashtirish bo‘yicha tasdiqlangan jadvalga asosan joriy yilning 6-dekabrida Yangiobod mahallasining 3,8 kilometr ichki yo‘llarini shag‘allashtirish ishlari boshlangan.
Hozirga qadar mazkur mahallaning 2,7 kilometr yo‘llari to‘liq shag‘allashtirilgan. Ushbu videoda ko‘rsatilgan ko‘cha ham shular jumlasidan. Shag‘allashtirish ishlari ayni paytda ham davom etmoqda.