KASB-HUNARGA O‘QITISH JARAYONI XALQARO TALABLARGA MOS(MI?)
Pastdarg‘om tuman 3-son politexnikumida ayni paytda 8 turdagi sohalar bo‘yicha 698 nafar o‘quvchilarga taʼlim beriladi.
Shuningdek, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan malakali kadrlarni kasbga tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida ham bir qator ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lib, jumladan, “Oqova suv va suv taʼminoti tizimlariga xizmat ko‘rsatish” va “Elektromontyor” yo‘nalishlari uchun xalqaro talablarga mos keladigan va WorldSkills standartlariga javob beradigan innovatsion o‘quv ustaxonalarida o‘quvchilarga ushbu kasblar sirlari o‘rgatilmoqda.
Shu bilan birga, tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi hamkorligida qisqa kurslarda ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish jarayonlari olib borilayotgan bo‘lib, so‘ngi ikki oy ichida tumandagi 60 nafar band bo‘lmagan fuqarolar aynan ushbu dargohda 4 turdagi kasb-hunarlarga o‘qitildi.
Tuman hokimi Sh.Rahmonov ushbu politexnikumida bo‘lib, uning bugungi faoliyati, holati, dars jarayonlari, taʼlim sifati, o‘qituvchilarning kasbiy mahorati bo‘yicha o‘rganish olib bordi.
Shu qatorda, taʼlim maskani masʼullari bilan o‘quv samaradorligini oshirish bo‘yicha suhbat o‘tkazilgan bo‘lsa, o‘quvchilarga bilim olishga jiddiy yondashishlari, o‘z tanlagan sohasining mutaxassisi bo‘lishlari, jamiyatga, yurtiga va xalqiga nafi tegadigan yetuk kadr bo‘lishlari bo‘yicha tavsiyalar berildi.