insurez
04-03-2026 11:18

Kamolot mahallasida 104 ta bo‘sh obyektga loyiha ishlab chiqildi: 80 dan ortig‘ida amaliy ishlar boshlandi


Kamolot mahallasida xatlov ishlari olib borilib, 107 ta foydalanilmasdan turgan bo‘sh obyektlar aniqlangani va ularni ishga turishish, kam quvvatda ishlayotgan korxonalar faoliyatini yaxshilash maqsadida "Bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha" doimiy Shtab tashkil etilgani xususida xabar qilgan edik.

O‘tgan davr mobaynida viloyat va tuman tashkilotlari tomonidan qonun doirasidagi barcha ko‘maklar ko‘rsatilishi natijasida bo‘sh va samarasiz foydalanilayotgan obyektlarning 104 tasiga loyihalar ishlab chiqilib, 80 dan ortig‘ida dastlabki amaliy ishlar boshlangan.

Tuman hokimi J.Pardayev va tegishli masʼullar ishtirok etgan navbatdagi uchrashuvda, shtab aʼzolari va tegishli masʼullar bilan bugungi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi rejalar yuzasidan tahliliy muhokama o‘tkazildi.

Shuningdek, har bir korxonaning loyihalari va maqsadlari bilan tanishish barobarida, muammo, takliflari hamda ularning yechimlari yuzasidan fikr almashilib, tegishli mutasaddilarga bu borada ko‘rsatmalar berildi.

So‘ng, Kamolot mahallasidan xitoylik investorlar hamkorligida "KENNO SPECIAL VEHICLES" MCHJ shaklidagi qo‘shma korxona tomonidan amalga oshirilayotgan qiymati 20 million dollarlik "Monolit uylar va temir konstruksiyali uylar ishlab chiqarish" loyihasi doirasida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari ko‘zdan kechirilish barobarida, xorijiy hamkorlarning muammo va takliflari o‘rganildi.

Maʼlumot uchun, loyiha ishga tushishi natijasida yiliga 400 dan ortiq monolit va metall konstruksiyali uylar ishlab chiqariladi va 100 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Teglar
- -