ISHLAB CHIQARISH VA BOG‘DORCHILIK SOHALARI O‘RGANILDI
Pastdarg‘om tumanidagi Kimyogarlar qo‘rg‘onida 326 ta tadbirkorlik subyektlari va korxonalar joylashgan bo‘lib, bugun ularning 107 tasi bo‘sh turibdi, yoki samarasiz foydalanilmoqda.
Viloyat prokurori M.Eshnazarov tuman hokimi Sh.Rahmonov hamrohligida mazkur hududdagi foydalanilmasdan turgan obyektlar, bo‘sh turgan binolar va kam quvvatda ishlayotgan korxonalar bo‘yicha o‘rganish olib bordi.
Jumladan, tashabbuskor tadbirkor tomonidan qiymati 1,2 milliard. so‘mlik chorvachilikni tashkil etish rejalashtirilgan biroq, hozirga qadar foydalanilmasdan turgan 1,68 gektar maydondagi bino va inshootlar ko‘zdan kechirilib, loyihani amalga oshirish yuzasidan tavsiya, ko‘rsatmalar berildi.
So‘ng, Kamolot mahallasida "East oil agro" MCHJ tomonidan tashkil etilayotgan qiymati 1 million dollarlik "O‘simlik yog‘i va omuxta yem mahsulotlari ishlab chiqarish" loyihasi bilan tanishdi.
Tashrif davomida loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, qurilish jarayoni bilan tanishilib, tadbirkorning muammo va kamchiliklari o‘rganildi.
Navbatdagi manzil Oq oltin mahallasi bo‘lib, bu yerdagi tabiiy gaz taʼminotidagi tafovutlarni oldini olish maqsadida o‘rnatilgan hisoblagichlar jamlanmasi faoliyati bilan tanishildi.
Bu kabi zamonaviy qurilmalarni butun tuman bo‘ylab barcha hududlarda o‘rnatish va bu borada "Pastdarg‘om tajribasini" joriy etish belgilab olindi.
Shundan so‘ng, 738 gektar maydonda xo‘raki va sanoatbop uzum navlari yetishtiriladigan "Charos agro uzumlari" MCHJ agrofirmasi hududida qishloq xo‘jaligi yer maydonlaridan unumli foydalanish, uzumchilik va bog‘dorchilikni rivojlantirish bo‘yicha seminar o‘tkazildi.
Bunda, ekin maydonlaridan samarali foydalanish, talabgir hamda eksportbop mahsulotlar yetishtirish va bu orqali aholi bandligini taʼminlash masalalari xususida so‘z yuritilib, ushbu xususida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.