INSONPARVAR YIGITNING OTA-ONASIGA MINNATDORLIK BILDIRILDI
Bir necha kun avval Toshkent shahri Yangi Hayot tumanidagi ko‘p qavatli uylardan birida qarovsiz qoldirilgan bola panjaradan osilib, pastga tushib ketishiga oz qolgan vaqtda bir yigit tomonidan qutqarilgani aks etgan videotasvirlarga ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak.
Maʼlum bo‘lishicha, bolaning hayotini saqlab qolgan yigit Pastdarg‘om tumanining To‘qboy mahallasida yashovchi, Toshkent kimyo va iqtisodiyot instituti talabasi Muhriddin Ilashov bo‘lgan.
Bugun Pastdarg‘om tumani hokimi o‘rinbosari, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi hamda viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi masʼullari pastdarg‘omlik o‘g‘lonning uyiga tashrif buyurdi.
Bunda uning jasorati, hushyorligi va insonparvarligi barchaga ibrat bo‘lgani taʼkidlanib, jamiyatga befarq bo‘lmagan, mard va jasur farzandni tarbiyalagan ota-onasiga chuqur minnatdorchilik izhor etildi.




