DARG‘OMDA SOHIL BO‘YI LOYIHASI AMALGA OSHIRILADI
Maʼlumki, tuman markazida joylashgan Oq oltin va Boltali mahallalaridan kesib o‘tgan Darg‘om kanali atrofining asosiy qismida aholiga qulaylik yaratish maqsadida, ko‘ngilochar markazlar, aholining dam olishiga qulay bo‘lgan obyektlar, yengil konstruksiyali inshootlar, piyodalar yo‘lakchasi, veloyo‘lak, tungi yoritgichlar o‘rnatilgan "Sohil bo‘yi" xiyoboni barpo etish rejalashtirilmoqda.
Viloyat hokimi o‘rinbosari, tuman hokimi, Zarafshon magistral tizimidan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i, sektor rahbarlari, tegishli masʼullar va nuroniylar ishtirokida loyiha amalga oshirilishi kutilayotgan hududda uchrashuv o‘tkazildi.
"Maslahatli ish - tarqamas" deganlaridek, uchrashuvda ishtirok etgan barcha masʼullardan xiyobon qurilishiga doir takliflar bildirishlari hamda o‘z maslahatlarini ayamasliklari so‘raldi va xayrli ish avvalida qo‘y so‘yilib, duolar qilindi.
Shu o‘rinda, bir qator tajribali faxriylar, jamoatchilik vakillari, taʼlim fidoyilari, jumladan, Nozim Aliyev, Xayrulla Turdiyevlar ham bu kabi ezgu ishlar kelajak avlod uchun manfaatli bo‘lishini taʼkidlab, bunda ijtimoiy soha vakillari xayrixohligini va qo‘llab-quvvatlashini bildirishdi.
Shundan so‘ng, kanal atrofi hududi ko‘zdan kechirilib, loyiha bo‘yicha taklif hamda tavsiyalar berildi.
Uchrashuv so‘ngida, kanal atrofida odamlarning maroqli dam olishlari uchun mo‘ljallanadigan xiyobonni dastavval, puxta loyihalash ishlarini amalga oshirish va o‘z navbatida tartibi bilan qurish ishlariga kirishilishiga kelishib olindi.