insurez
09-09-2024 14:36

BOG‘ISHAMOL MFYDA ISHLAR QIZG‘IN


Pastdarg‘om tumanining eng olis hududlaridan sanalgan birinchi sektor hududidagi “Bog‘ishamol” mahallasida aholini ijtimoiy muhtoj qatlamini kambag‘allikdan chiqarish borasida bir qator ishlar amalga oshirilayotgani xususida xabar qilgan edik.

Tuman hokimi tegishli mutasaddilar hamrohligida amalga oshirilayotgan ishlar bilan joyida tanishdi.

Dastlab, mahalla hududidagi aholi tomonidan tashkil qilingan "Uch qora" ko‘chma bozorida bo‘lib, bozor hududini obodonlashtirish va rastalarni tartibga keltirish borasida masʼullarga topshiriqlar berildi hamda homiylar va faollar ishtirokida hashar ishlari boshlab yuborildi.

Bundan tashqari, tuman hokimi boshchiligida tegishli masʼullar ishtirokida xonadonma-xonadon yurilib, o‘rganish olib borildi.

Shu bilan birga, o‘rganishlar davomida mahalladagi eng kam taʼminlangan 20 ta oila tanlab olindi va ularga tumanning yirik tadbirkorlari biriktirildi.

Xususan, tuman hokimi nogironligi bor bo‘lgan Toshtemir Udarov bilan suhbat olib bordi va uning oilasini tadbirkorlikka yo‘naltirish, kambag‘allikdan chiqarishda ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha "Mashʼal trans" MCHJ rahbari tashabbus bildirdi.

Hozirda tadbirkorlar ushbu xonadon vakillarini kambag‘allikdan chiqarish, ularni kasb-hunarga jalb qilish va tadbirkorlikka yo‘naltirish borasida ish olib bormoqda.

Shuningdek, o‘rganish davomida mahalla binosi yonidagi bozorning faoliyatini qonuniylashtirish, ushbu hududdan yirik savdo markazi barpo qilish taklifi ilgari surildi. Bu orqali mahalla aholisi uchun qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish maqsad qilingan.

Shu qatorda, mahallaning maʼmuriy binosini qaytadan zamonaviy va barcha qulayliklarga ega holatda qurish bo‘yicha masʼullar bilan kelishib olindi.

Teglar
- -