MUAMMOLARNI “FUQAROBAY” YONDASHUV ORQALI HAL ETISH – DAVR TALABI

Davlatimiz rahbari tomonidan ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida jinoyatchilikni jilovlashning samarali mexanizmlari amaliyotga tatbiq qilinmoqda. Ayniqsa kriminogen vaziyati murakkab hududlarda ishning manzilli yondashuv asosida tashkil qilinayotgani sodir etilgan har bir jinoiy xatti-harakatning asl sabablarini o‘rganish va bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ma’lumki, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan Pastdarg‘om tumani “Oltiqaxramon” mahallasida “fuqarobay” ishlash bo‘yicha hudud metodikasi sifatida “Huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning “fuqarobay” ishlash metodikasi (Pastdarg‘om tumani  “Oltiqaxramon” mahallasi misolida)” nomli o‘quv-amaliy qo‘llanmasi tayyorlanib, ushbu mahallaga tatbiq qilingan edi.

O‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan profilaktik chora-tadbirlar natijasida mahalladagi ahvol sezilarli darajada o‘zgardi. Xususan, joriy yilning 11 oyida ushbu mahallada 1 ta jinoyat qayd etilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 taga kamaygani holda mahalla “sariq” toifadagi hududga o‘tkazildi.

IIV Akademiyasidan tashrif buyurgan ishchi guruh a’zolari tomonidan “Oltiqaxramon” mahallasi hududida sodir etilgan jinoyatlarning sabablari va ularga imkon bergan shart-sharoitlar bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganilib, chuqur tahlil qilingan holda “ilmiy diagnoz” asosida kelgusida ularning oldini olish va samarali profilaktikasini tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Bundan tashqari, “Oltiqaxramon” mahallasida “fuqarobay” ishlash bo‘yicha hudud metodikasini Pastdarg‘om tumanning qolgan 106 ta mahallasida tatbiq etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilandi. Xususan, IIV Akademiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari, polkovnik Kamalov Oybek Axmatovich rahbarligidagi ishchi guruh a’zolari, viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinborsari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i, polkovnik Xalimov Akram Xamidovich, viloyat IIB HPBning mas’ul xodimlari, tuman IIB boshlig‘i, podpolkovnik Qo‘ziev Ma’ruf Mardonovich va uning o‘rinbosarlari, tegishli sohaviy xizmatning rahbarlari, mahalla faollari va profilaktika inspektorlari ishtirokida tuman IIBda yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda har bir mahalla hududida sodir etilayotgan jinoyatlarning barvaqt oldini olish, “fuqarobay” metodikani amaliyotga keng tatbiq etish, mahallani jinoyatdan xoli “yashil” hududga aylantirish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarning mazmuni, ichki ishlar organlarining tegishli sohaviy xizmatlari xodimlariga amaldagi islohotlarning mazmun-mohiyati, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risidagi ishlarni yuritishning uslublari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 29 noyabrdagi 27-son Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi” konsepsiyasini mazmun-mohiyati, ilmiy-amaliy jihatlari tushuntirildi.

SHuni alohida ta’kidlash joizki, ishchi guruhi tomonidan Pastdarg‘om tumanida jinoyatchilikni jilovlash borasida olib borilayotgan ishlar ham ilmiy asosda o‘rganildi. Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida mavjud 107 ta mahallaning 38 tasida umuman jinoyat sodir etilmagan, 24 ta mahallada jinoyatlar kamayishiga erishilgan bo‘lib, 45 ta mahallalarda esa jinoyatlar salmog‘i, xususan, o‘g‘rilik, firibgarlik kabilar ortgan. Tahlillarga ko‘ra, firibgarlik jinoyatining 65 foizdan ortig‘i doimiy ish bilan band bo‘lmagan qatlam, salkam 10 foizi esa muqaddam sudlanganlar tomonidan sodir etilgan. Mazkur holatlarning sabablari joylarga chiqib o‘rganilganda, ayrim fuqarolarning o‘ziga tegishli mol-mulkni begona shaxslarga ishonib topshirishi va boshqa omillar firibgarlikning ko‘payishiga olib kelayotgani, o‘g‘irlik jinoyati asosan ko‘p qavatli uylar atrofi, kuzatuv kameralari va tungi yorituvchi chiroqlar o‘rnatilmagan joylarda tez-tez sodir etilayotgani aniqlanib, ushbu turdagi jinoyatlarni kelgusida sodir etilishini oldini olish borasida ishchi guruh tomonidan tegishli taklif va tavsiyalar berildi.

 Ayni kunlarda ishchi guruh vakillari, Pastdarg‘om tumani ichki ishlar organ xodimlari joylardagi sektor rahbarlari, mahalla faollari bilan birgalikda mahalla hududida jinoyatchilikni jilovlash, aholi muammolarini uyma-uy o‘rganish, bandlik va ijtimoiy himoya masalalarini echimini topishda hamkorlikda ishlar davom ettirilmoqda.

Hamjihatlikda – hikmat bor, deganlaridek, hamkorlikda amalga amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar, kriminogen vaziyatni yaxshilashga xizmat qilishi, shubhasiz.   

 

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati

2015-2024 © Пастдарғом туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM