PASTDARGʻOM TUMANIDA INFORMATIKA VA AXBOROT TEXNOLOGIYALARIGA IXTISOSLASHTIRILGAN MAKTAB FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI

 Pastdarg‘om tumani “Nayman” MFY hududida joylashgan 56-umumta’lim maktabiga informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan maktab maqomi berilib, foydalanishga topshirildi.
Maktabning tantanali ochilish tadbirida viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Z.Shodiyeva, AKTni rivojlantirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i D.Xo‘jamberdiyev va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. 
So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ko‘plab yosh iqtidor egalarini kashf etayotganligini ta’kidlashdi.   

Inqirozga qarshi Davlat Investisiya Dasturi asosida “Temur-Malik” MCHJ qurilish korxonasining qo‘li gul quruvchilari tomonidan bunyod etilgan mazkur inshoot uchun Respublika budjetidan jami 241 mln. so‘m mablag‘ ajratilgan.  

370 o‘ringa mo‘ljallangan maktab binosida 636 nafar o‘quvchi 2 navbatda ta’lim olishmoqda. O‘quvchi-yoshlarga 47 nafar tajribali ustozlar ta’lim-tarbiya berishmoqda. Maktabda 5-sinfdan informatika va axborot texnologiyalari darslari chuqurlashtirilib o‘qitilishi bilan bir qatorda  7-, 8-, 9-, 10-sinflardagi mashg‘ulotlar variativ o‘quv reja asosida olib borilmoqda.

Maktab 352 mln. so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga kompyuter va kompyuter qurilmalari, robototexnika asoslarini o‘rgatuvchi ARDUINO va LEGO Education to‘plami, UNIMAT konstruktori, 3D printer, veb kamera va boshqa qurilmalar bilan jihozlandi.
 Zamonaviy binoda o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishlari uchun barcha qulayliklar yaratilgan.
O‘quvchilar tomonidan tashkil etilgan badiiy-musiqiy dastur barchaning qalbiga zavq ulashdi. 

2015-2024 © Пастдарғом туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM