Hokim yordamchisi Ishlasa ishsizlar kamayadi, odamlarning qo’li pul “ko’radi”

Zamon o`zgarayapti, siyosat yangilanayapti. Odamlarda ertangi kunga ishonch, bugungi farovon hayotga shukronalik hissi uyg`onayapti.       Albatta, buning zamirida kambag`allikni qisqartirish, ish o`rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish borasidagi islohotlar samarasi sezilyapti.

Ushbu islohotlar ko`lamida hokim yordamchilari o`z hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy holati xonadonbay, jumladan, aholining bandlik darajasi, tomorqa yerlaridan foydalanish holati hamda daromadli mehnatga bo`lgan intilishi va ehtiyojlarini o`rganib, to`liq xatlovdan o`tkazishdi.

Tumanning chekka hududlaridan hisoblangan Do`stlik mahallasidagi 525 ta oilada 2289 nafar aholi istiqomat qiladi. To`rtinchi sektorga qarashli mazkur mahallaning hokim yordamchisi vazifasida ish boshlagan Tolibjon Mirzayev dastavval xonadonma-xonadon yurib, aholining tur­mush sharoiti, muammolarini o`rganib chiqdi. Xatlov natijasida 36 ta oilani "Temir daftar"ga, 50 nafar xotin-qizni "Ayollar daftari"ga va 23 nafar yoshni "Yoshlar daftari"ga kiritdi. Birinchi navbatda ishni "Saxovat" jamg`armasi hisobidan nochor oilalarni qo`llab-quvvatlashdan boshladi. Kam ta`minlangan oila farzandlaridan 7 nafarining OTM da o`qishi uchun kontrakt summasi, 2 nafarining esa safarbarlik rezervida harbiy xizmati uchun shartnoma to`lovi amalga oshirildi. Bugun ijtimoiy daftarlardan 5 ta oila hamda 12 nafar xotin-qiz o`rin olgan. Shuningdek, yil boshida qayd etilgan 78 nafar ishsiz fuqarolardan bugunga kelib 56 nafarining bandligi ta`minlangan.

- Tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o`rinlari yaratish hamda kambag`allikni qisqartirish maqsadida mahallamizga joriy yil uchun aholiga 535,54 million so`m kredit ajratish mo`ljallangan edi. Shu bo`yicha loyiha qiymati 985 millon so`m bo`lgan 80 nafar fuqaroning arizalari o`rganildi. Natijada 26 nafar murojaat­chining 357 million so`mlik loyihasi maq­sadli hisoblanib, kredit rasmiylashtirildi. Shundan 48 million 170 ming so`m tikuvchilik, 206 million 600 ming so`m chorvachilik, 17 million so`m asalarichilik, 5 million so`m quyonchilik va 85 million so`m xizmat ko`rsatish sohasida asbob-uskuna sotib olishga yo`naltirildi. Masalan, "Har bir oila tadbirkor" dasturi asosida "Yoshlar daftari"da ro`yxatda turgan Sevinch Fayzullayevaga muzqaymoq quyadigan apparat va muzlatkich uchun 32 million, Isomiddin Mamatmurodovga motokultivator olish uchun 21 million so`m kredit berildi. Bandligi ta`minlangan ushbu fuqarolar hozirgi kunda oila byudjetiga daromad kiritayapti. Shuningdek, "Ayollar daftari"dan o`rin olgan Ro`za Namozova 17 million so`m kredit evaziga 17 quti asalari uyasi olib tadbirkorlikni yo`lga qo`ydi. Ro`zg`origa baraka kiritayotgan ana shunday tadbirkorlarni ko`rib, boshqalarda ham ishtiyoq, intilish uyg`onayapti. Yil oxirigacha mahallamizga mo`ljallangan kredit summasini qolganini ham 12 nafar ishsiz fuqarolarimiz bandligini ta`min­lashga, oilalar daromadini oshirishga yo`naltirish niyatidamiz, - dedi u.

T.Mirzayevning sa`y-harakatlari bilan ijtimoiy daftardagi fuqarolarga subsidiya asosida parranda va xizmat ko`rsatish asbob-uskunalari ham berilgan. 37 nafar ishsizga 0,15 sotixdan yer ajratilgan.

- "Yoshlar daftari"ga qayd etilgan Gulnoza Nabiyevaga inkubator berilgandi. Bugungacha u ikki marta 250 tadan jo`ja ochirib, ikki oyida 1 million 800 ming so`m­dan sof daromad qildi. Bundan tashqari, 50 tadan ikki marta kam ta`minlanganlarga juja tarqatdi. Shuningdek, "Temir daf­tar"ga qayd etilgan Qahramon Jumani­yozov hamda Sunnat Qurbonovlar oilasiga berilgan 15 sotix yerga fasol ekib 350 kilogramdan hosil olishdi. Hosilning har kilogrammini 14-15 ming so`mdan sotib, 5-5,5 million so`m daromadga ega bo`lishdi. Ular dehqonchilikni o`zlariga kasb qilishib yana takroriy dukkakli ekin ekishdi. Bugun ular baravj ekinlarning hosil chug`ini chamalab, yana qo`shimcha 4-5 million so`m daromadni ko`zlab turibdi - deya ta`kidlaydi Do`stlik mahallasining hokim yordamchisi T.Mirzayev. Ha, endi odamlar ertaga emas, bugun baxtli yashashni ta`minlash choralarini ko`rishga o`rganishi, intilishi kerak. Buning uchun tanlangan hokim yordamchisi tashab­buskor bo`lishi shart. Faoliyat yuritganiga ko`p bo`lmasdan xalqni ishonch, e`tiborini qozonib ulgurgan T.Mirzayev tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholini ish bilan ta`­minlash hamda kambag`allikdan chiqarish bo`yicha olib borayotgan ishlari tumanda samarali deb topildi. Shu bois, yaqinda 4-chektor hududida joylashgan Do`stlik mahallasida tumandagi 107 ta mahallaning hokim yordamchilari ishtirokida amaliy seminar bo`lib o`tdi. Unda qatnashchilar hamkasblari amalga oshirgan ishlarning guvohi bo`lib, o`zaro tajriba almashishdi.

Gulposhsha ESHQOBILOVA.

2015-2022 © GOVERNMENT OF PASTDARGOM DISTRICT. Maked by: SAKTRM